Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning bilim va koʻnikmalarini yanada oshirish maqsadida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi tomonidan malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
Mazkur kurs atrof-muhitga taʼsirni baholash (AMTB) materiallari hamda ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiquvchi mutaxassislar uchun moʻljallangan.
Oʻquv dasturi doirasida ishtirokchilar ekologiya sohasidagi islohotlar va amaldagi qonunchilik, atrof-muhitga taʼsirni baholash, davlat ekologik ekspertizasi, skrining va skoping, strategik ekologik baholash, atmosfera havosiga taʼsirni baholash, suv resurslarini muhofaza qilish, yer resurslaridan oqilona foydalanish, oʻsimlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish, chiqindilarni boshqarish hamda ekologik audit va boshqa muhim yoʻnalishlar boʻyicha bilimlarini oshiradi.
Kurs 2026-yil 17-avgustdan boshlandi. Oʻqish muddati 1 oy, jami 144 soatni tashkil etadi. Kurs yakunida belgilangan namunadagi malaka oshirish guvohnomasi beriladi.
