Eko Markaz

Ertaga respublikada navbatdagi “Avtomobilsiz kun” aksiyasi oʻtkaziladi

Ertaga respublikada navbatdagi “Avtomobilsiz kun” aksiyasi o‘tkaziladi

Ertaga, 10-oktabr kuni respublikaning barcha hududlarida navbatdagi “Avtomobilsiz kun” aksiyasi oʻtkaziladi.

Ma'lumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi “Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, har oyning 10 va 25-sanalarida “Avtomobilsiz kun” hamda “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari oʻtkazib kelinmoqda.

Mazkur tashabbus avtotransport vositalaridan havoga chiqadigan zararli tashlamalarni kamaytirish va bu orqali ekologik barqaror muhitni shakllantirish, shuningdek, jamoat transporti va ekologik toza transport vositalaridan foydalanish madaniyatini keng targʻib qilishga xizmat qiladi.

Xususan, “Avtomobilsiz kun” va “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari doirasida Ekologiya milliy qoʻmitasi hamda hududiy bosh boshqarmalar xodimlari xizmat hamda shaxsiy avtomobillaridan voz kechib, jamoat transporti, velosiped kabi vositalardan foydalanishmoqda. Natijada atmosferaga zararli tashlamalar miqdori kamayishiga erishilmoqda. Shuningdek, shahar ichidagi tirbandliklar ham kamaydi.

Diqqat! “Avtomobilsiz kun” va “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari doirasida davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan avtotransport vositalaridan foydalanish javobgarlikka sabab boʻladi.

Ekologiya qoʻmitasi barcha davlat va nodavlat tashkilotlar hamda yurtdoshlarimizni aksiyalarda faol qatnashishga, atmosferaga zararli tashlamalar chiqarmaydigan "yashil" transport vositalari, elektromobillar va jamoat transportidan koʻproq foydalanishga chaqiradi!